Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappega nisbatan irqchilik qilgan muxlis jiddiy jazoga tortilishi mumkin. «Mundo Deportivo» nashrining xabar berishicha, prokuratura ushbu shaxsga nisbatan qamoq jazosini talab qilmoqda.
Ayblov tomoni «Real» hujumchisi Kilian Mbappeni irqiy kamsitgan muxlisni bir yillik qamoq jazosiga hukm qilishni va 2880 yevro miqdorida jarimaga tortishni talab qilmoqda. Voqea 2025 yil 24 avgust kuni «Nuevo Karlos Tartyere» stadionida bo‘lib o‘tgan «qaymoqranglilar» va «Ovyedo» (0:3) o‘rtasidagi o‘yinda sodir bo‘lgan. Bu haqda «Mundo Deportivo» xabar bermoqda.
Prokuraturaning ta’kidlashicha, fransiyalik forvardning haqoratlanish fakti videokameralarga muhrlangan. Ushbu video keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan va bir necha soat ichida 300 ming marta tomosha qilingan.
Ta’kidlanishicha, muxlis Mbappe uchrashuvning 37-daqiqasida «Ovyedo» darvozasini ishg‘ol qilganidan so‘ng uni haqorat qilgan.