Jerusalem Post va boshqa bir qator nashrlarning yozishicha, 250 ga yaqin "Xalq mujohidlari" 23 fevral kuni Tehron g‘arbidagi mulla Mutahariy qarorgohiga hujum qilgan. Ulardan yuztasi Eron rejimi kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.
"Xalq mujohidlari" Eron muxolifat tashkiloti hisoblanib, mamlakat va xorijdagi avvalgi qurolli harakatlar va teraktlar tufayli bir necha yil davomida Yevropa Ittifoqining terrorchi guruhlar ro‘yxatida bo‘lgan.
Tashkilot dushanba kuni kechqurun 150 nafar jangchi sog‘-salomat o‘z bazalariga qaytgani haqida e’lon qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvni va qurbonlar sonini Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin bo‘lgan Tasnim agentligi ham tasdiqlagan. Hodisa haqida Eron tomonidan moliyalashtiriladigan "Hizbulloh" guruhining norasmiy targ‘ibotchisi hisoblangan Al-Akhbar gazetasi ham xabar berdi.
Al-Akbar mazkur hujumni "Xalq mujohidlari" tomonidan xorijiy maxsus xizmatlarning bevosita ko‘magida amalga oshirilgan eng xavfli va murakkab operasiyalardan biri, deb atadi. Gazeta hujum ortida Isroilning "Mossad" razvedkasi turganini ta’kidlamoqda. Biroq, bu ma’lumotni tasdqilaydigan hech qanday dalillar keltirilmagan.