"Men bu holat bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmamga olaman. Bu guruhni men yaratganman. Bu sharmandali holat. Biz nima bo‘lganini aniqlaymiz", — dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols Fox News telekanaliga Signal messenjeridagi chatning oshkor bo‘lishi haqida izoh berar ekan.
Ushbu chatda Donald Tramp jamoasi Yamandagi husiylarga zarba berish masalasini muhokama qilgan, biroq unga tasodifan The Atlantic nashri bosh muharriri Jeffri Goldberg qo‘shilib qolgan.
Uols Goldbergni shaxsan tanimasligini, ammo uni "eng yomon jurnalistlardan biri" deb hisoblashini aytdi. Shunga qaramay, Uolsning ta’kidlashicha, uning telefonida Goldbergning kontaktlari bo‘lmagan.