Germaniya kansleri Olaf Shols milliarder Ilon Maskning Yevropadagi ayrim siyosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlashini "mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan" deb atadi va uni Yevropaning demokratik rivojlanishiga xavf soluvchi omil sifatida baholadi.
Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.
"U butun Yevropa bo‘ylab, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda o‘ta o‘ng kuchlarni qo‘llab-quvvatlamoqda va bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi," - dedi Shols.
Mask faqatgina "Germaniya uchun muqobil" o‘ng partiyasi "Germaniyani qutqara olishi" mumkinligini ta’kidlagan edi. Yanvar oyi boshida u "Germaniya uchun muqobil" partiyasi hamraisi va uning kanslerlikka nomzodi Elis Vaydel bilan jonli efir o‘tkazdi. Milliarder, shuningdek, islomga qarshi bo‘lgan o‘ng qanotdagi faol Tommi Robinsonni qamoqdan ozod qilish tarafdori bo‘lib chiqdi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer boshqaruvini "zolimona" deb atadi va siyosatchining iste’foga chiqishi zarurligini bildirdi.
"Biz global dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan milliarderning o‘z fikrini bildirishi emas, balki uning aytayotgan gaplarini tanqid qilishimiz kerak," deya o‘z nuqtai nazarini aniqlashtirdi Germaniya rahbari. U Maskning qarashi Yevropaning demokratik rivojlanishi uchun xavf tug‘dirishini ham qo‘shimcha qildi.