Eronning ikkinchi yirik shahri Mashhadning shimolida joylashgan sanoat hududida kuchli portlash va yong‘in yuz berdi.
Mashhad shahar yong‘in xizmati bayonotiga ko‘ra, yong‘in motosikl ishlab chiqaruvchi zavodda boshlangan. Hozircha halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Bundan tashqari, Eronning rasmiy IRNA agentligi xabar berishicha, Qum shahridagi sanoat hududida ham fabrikada yong‘in sodir bo‘lgan va besh nafar ishchi jarohatlangan.
26 aprel kuni Bandar-Abbos shahridan 23 kilometr g‘arbiyda, Fors ko‘rfazi bo‘yida joylashgan Shaxid-Rajoiy dengiz portida kuchli portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar soni 1139 nafarga yetgan, 70 kishi halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash xavfli yuklar va kimyoviy moddalar saqlanadigan omborda yuz bergan. IRIB telekanaliga ko‘ra, yonilg‘i saqlangan rezervuar portlagan. The New York Times manbasiga tayanib yozishicha, portlashga raketalar yonilg‘isi tarkibidagi modda sabab bo‘lishi mumkin.