Markaziy bank regulyator matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bank iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar bozorida adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida kredit tashkilotlari, shu jumladan, banklarga xat yubordi.
Xatda qayd etilishicha, bugungi kunda moliyaviy xizmatlar bozorida kredit tashkilotlari va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatning buzilishiga olib kelayotgan holatlar kuzatilgan.
Xususan, ayrim kredit tashkilotlari faoliyatida iste’molchilarning huquq va manfaatlariga putur yetkazilishi, adolat va shaffoflik tamoyillariga zid bo‘lgan insofsiz munosabatlarning yuzaga kelishi natijasida iste’molchilarning moddiy jihatdan zarar ko‘rishi bilan bir qatorda bank-moliya sektoriga bo‘lgan ishonchning pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning bank-moliya tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida Markaziy bank kredit tashkilotlarining e’tiborini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyot sifatida baholanadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratishi ta’kidlangan.
Markaziy bank xatiga ko‘ra, kredit tashkilotlari tomonidan chakana moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishida insofsiz amaliyotlar sirasiga adolat va halollik tamoyillariga zid keluvchi va quyidagi amaliyotlar kirishi qayd etilgan.
Kredit shartnomalariga iste’molchi manfaatlariga putur yetkazadigan, taraflarning huquq va majburiyatlari o‘rtasida sezilarli nomutanosiblikni keltirib chiqaruvchi adolatsiz shartlarning kiritilishi, shartnomalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi shartlardan foydalanib, ularning huquqlari, jumladan shartnoma shartlariga e’tiroz bildirish huquqi cheklanganligi to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otish, iste’molchini belgilangan tartibda xabardor qilmasdan va roziligini olmasdan shartnomaning muhim shartlarini (foiz stavkalari, to‘lov muddatlari va boshqalar) bir tomonlama o‘zgartirish qayd etilgan.
Shuningdek, kreditga layoqatlilikni baholash bo‘yicha iste’molchiga kredit ajratishni rad etish sabablarini aniq tushuntirib berishga imkon bermaydigan murakkab algoritmlardan foydalanish, iste’molchilarga bevosita yoki bilvosita, shu jumladan, noaniq yoki bo‘rttirib ko‘rsatish orqali ularni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan axborot taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Iste’molchi tomonidan bitim bo‘yicha puxta o‘ylangan qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etmaslik kabi amaliyotlar keltirilgan.
Shu bilan birga, shartnomaga iste’molchi zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilmagan majburiyatlarni yuklaydigan, shu jumladan kredit shartnomalarida mijoz bajarishining imkoni bo‘lmaydigan yoki mijozning huquqlarini buzadigan "kovenant" va "muhim shartlar" kiritilishi, reklama to‘g‘risidagi axborotlarda bank tomonidan taqdim etiladigan kreditning (mikroqarzning) foiz stavkasi "X foizdan" boshlanadi deb, eng yuqori stavkasi va ularni belgilash tartibini ko‘rsatmaslik kiritilgan.
Qolaversa, qarz oluvchilarning kredit arizasida so‘ralgan kredit miqdoridan ko‘p bo‘lgan summani taklif etgan holda, ularni ko‘proq kredit mablag‘i olishga undash ko‘zda tutilgan.
Banklar kredit kartaning imtiyozli (foizsiz) davr haqidagi sharti haqqoniyligini ta’minlamasdan, shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga rioya qilmagan holda, o‘z mobil ilovalarida kredit karta bo‘yicha qarzdorlikni imtiyozli davr mobaynida so‘ndirganlik uchun iste’molchilarga to‘lovlar joriy etishi nazarda tutilgan.
Kredit bo‘yicha to‘lovlarni kreditni qaytarish jadvalida belgilangan kalendar kuni kelmasdan qarzdor (kafil)ning bank kartasidan oldindan undirib olinishi qayd etilgan.