Yangiariq tumanidagi metallom yig‘ish shoxobchasida portlash yuz bergan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qildi.
Hodisa 11 aprel kuni sodir bo‘lgan. Yig‘ib kelingan temir-tersaklar tushirilayotganda ular orasida bo‘lgan snaryad portlab ketgan. Oqibatda shu yerda ishlovchi 31 yoshli O.B. og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.
Manbaga ko‘ra, snaryadlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida harbiy xizmatchilardan sotib olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu hodisaga oid xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, portlashdan so‘ng voqea joyiga huquq-tartibot organlari xodimlari va sapyorlar yetib borgan. O‘rganish jarayonida shoxobchadan yana 30 ga yaqin snaryad topilgan.
Internetda tarqalgan videoda marhum O.B.ning onasi o‘g‘li oila boquvchisi bo‘lganini, uning 2 farzandi yetim qolganini aytgan.
Ona snaryadlarni sotgan va sotib olib shoxobchaga keltirgan shaxslarga qat’iy jazo qo‘llashni so‘ragan.
Hozirda mazkur ishni harbiy prokuratura o‘rganayotgani, metallom yig‘uvchi va unga snaryadlarni sotgan harbiy xizmatchilar ustidan tergov boshlangani, ayrimlari qamoqqa olingani aytilmoqda.