Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi qurilish maydonchasida Xitoy va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi.
Polisiya vaziyatni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish chog‘ida bilib olgan. Hodisa 19 may kuni Glinka ko‘chasida sodir bo‘lgan.
To‘qnashuvda o‘ndan ortiq kishi qatnashgan. Shu bilan birga, ulardan biri olomonni tarqatishga uringan va «rahbar muammoni hal qiladi» deb aytgan. Ta’kidlanishicha, erkaklar Xitoyning qurilish kompaniyasida ishlaydi.
Hodisa oqibatida to‘rt kishi shifoxonaga murojaat qilgan; ularning jarohati tabiati haqida ma’lumot berilmadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mojaroga maishiy janjal sabab bo‘lgan.
«Qo‘shimcha tergov davomida hodisaning 25 nafar faol ishtirokchisi polisiya bo‘limiga olib ketildi», deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan badanga yengil shikast yetkazish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir huquq-tartibot idoralari xodimlari voqea holatlarini oydinlashtirishga yordam beradigan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.