Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida yashovchi ayol 12 yoshli qizini yomon tutumlari sababli o‘ldirishni buyurtma qilgan. Bu haqda Life.ru nashri SHOT Telegram-kanaliga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Izmaylovskoye qishlog‘ida yashovchi ayol tanish erkakni uyiga taklif qilib, qizidan shikoyat qilgan. Uning aytishicha, farzandi unga quloq solmas, itoatsiz va tartibsiz edi. Shundan so‘ng u tanishiga qizini daryoga cho‘ktirib o‘ldirish evaziga 100 ming rubl taklif qilgan.
Erkak ayolning taklifidan hayratga tushgan. U qizchani yashirincha o‘z uyida saqlab, keyin polisiyaga murojaat qilib, bo‘layotgan jinoyat haqida xabar bergan.
Hozirda ona hibsga olingan. Unga nisbatan voyaga yetmagan shaxsni pul evaziga o‘ldirishga undash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayol 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.