«Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi etib jamoaning sobiq yarim himoyachisi Maykl Kerrik tayinlanadi. The Times nashri xabar berishicha, mutaxassis tayinlangani haqida yaqin 48 soat ichida rasman ma’lum qilinadi. Bu ma’lumotni Daily Mail nashri ham tasdiqlamoqda.
Manbaga ko‘ra, ayni paytda Kerrikning «Manchester Yunayted»dagi murabbiylar shtabi shakllantirilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Kerrik 2006–2018 yillar davomida «qizil iblislar» safida to‘p surgan, shundan so‘ng professional faoliyatini yakunlagan.
Avvalroq Kerrik «Manchester Yunayted»da Ule-Gunnar Sulsherning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, norvegiyalik murabbiy jamoani tark etganidan keyin bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ham ishlagan. Sobiq futbolchining so‘nggi ish joyi «Midlsbro» bo‘lib, u klubni 2025 yil yozida tark etgan.