«Manchester Siti» bosh murabbiy Pep Gvardiola ketganidan so‘ng tarkibni tubdan yangilashni rejalashtirmoqda. Fichajes.net nashri xabariga ko‘ra, jamoaning yangi murabbiyi Enso Mareska allaqachon yozgi transfer oynasi uchun ustuvor maqsadlarni belgilab olgan. Klub rahbariyati tarkibni kuchaytirish uchun 250 million funt sterling ajratishga tayyor.
«Manchester Siti»ga o‘tishi kutilayotgan asosiy nomzodlar sifatida yarim himoyachi Elliot Anderson, «Chelsi» xavbeki Enso Fernandes va himoyachi Pedro Porro tilga olinmoqda.
Manchester klubi Mareskaning asosiy xohishlaridan biri bo‘lgan Anderson uchun 100 million funt taklif qilishga tayyor. Yana 100 million funt esa Argentina terma jamoasi safida Jahon chempioni bo‘lgan Enso Fernandes transferiga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Uchinchi yangi futbolchi ispaniyalik himoyachi Pedro Porro bo‘lishi mumkin, uning transferi taxminan 50 million funtga baholanmoqda.
Tarkibni yangilash zarurati kutilayotgan kadrlar o‘zgarishi bilan bog‘liq. Jamoani allaqachon Jon Stounz va Bernardu Silva tark etgan bo‘lsa, Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Tidjani Reynders, Savinyo va Rodrining kelajagi noma’lumligicha qolmoqda.
Ta’kidlanishicha, «shaharliklar» rahbariyati yangi futbolchilar mavsumoldi tayyorgarlik boshlanishidan oldin jamoaga qo‘shilishlari uchun muzokaralarni imkon qadar tezroq yakunlashni ko‘zlamoqda. Shu tariqa, «Manchester Siti» yozgi transfer oynasida eng faol klublardan biriga aylanishi va Gvardiolaning ko‘p yillik faoliyatidan so‘ng yangi davrni boshlashi mumkin.