"Manchester Siti" moliyaviy qoidalar bilan bog‘liq yana bir surishtiruvga duch kelishi mumkin. Angliya Premyer-ligasining ayrim klublari manchesterliklarning 2018 yildan keyingi homiylik shartnomalarini qayta tekshirishni talab qilmoqda.
The Independent ma’lumotiga ko‘ra, bu tashabbus tarafdorlari avvalgi tekshiruvda shubha uyg‘otgan moliyaviy amaliyotlar keyingi yillarda ham davom etgan bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.
Biroq APLning boshqa ishtirokchilari yangi surishtiruvga qarshi. Ular navbatdagi sud jarayonlari yillab cho‘zilishi va chempionat nufuziga putur yetkazishidan xavotirda. Qolaversa, yangi ayblovlarni isbotlash uchun yetarli dalil to‘plash oson bo‘lmasligi mumkin.
"Manchester Siti" o‘z navbatida moliyaviy qoidalarni buzganini rad etib kelmoqda.
Agar yangi tekshiruvga ruxsat berilsa, u amaldagi ishdan mustaqil ravishda olib boriladi. Klubga nisbatan ehtimoliy sanksiyalar esa surishtiruv va huquqiy jarayonlar yakuniga bog‘liq bo‘ladi.