Fransiya prezidenti Emmanuel Makron maktab o‘quvchilarining ta’lim sharoitlarini yaxshilash talablari bilan boshlangan namoyishlar mamlakat bo‘ylab tartibsizliklarga aylanganidan so‘ng, hukumat aniq va qat’iy choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
Makron 26 oktyabr kuni hukumatga norozilik harakati ishtirokchilarining qonuniy talablariga javob berishni topshirganini aytdi. Prezident, shuningdek, 31 oktyabr va 1 noyabr kunlari yana tartibsizliklar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Davlat rahbari Fransiyaning ikkinchi yirik shahri Marselga tashrifi chog‘ida 17 oktyabr kuni zarar ko‘rgan shahar hokimligi binosiga bordi. U talonchilik va vandalizmdan jabrlangan tadbirkorlar bilan ham uchrashishi kutilmoqda.
24–25 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan namoyishlar davomida 1435 kishi hibsga olingan. Tartibsizliklar oqibatida 267 nafar polisiyachi va jandarm, shuningdek, 150 nafar namoyishchi jarohatlangan.
Noroziliklar 21 sentyabr kuni Parij yaqinidagi Kretey shahrida boshlangan. O‘quvchilar o‘qituvchilar yetishmasligi, sinfxonalarning haddan tashqari to‘lib ketgani va dars jadvallarining zichligidan norozilik bildirgan. Keyinchalik namoyishlar mamlakatning boshqa shaharlariga ham tarqalgan. Ishtirokchilar davlat xizmatlari sifati va aholi turmush xarajatlarining oshib borayotganini ham tanqid qilgan.
Parij, Marsel va Lionda tinch namoyishlar tartibsizliklarga aylangan, binolar va do‘konlarga zarar yetkazilgan, talonchilik holatlari kuzatilgan.
Makron ichki ishlar vaziri Loran Nunyesning iste’fo haqidagi iltimosini rad etgan. Shu bilan birga, undan tartibsizliklar va talonchilikka chek qo‘yish uchun qo‘shimcha choralar ishlab chiqishni talab qilgan. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu esa zarurat tug‘ilganda ayrim shahar markazlarida mahalliy komendantlik soatini joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bu vaziyat Fransiyada 2027 yil 18 aprelda bo‘lib o‘tishi belgilangan prezidentlik saylovlari arafasida yuzaga kelmoqda. O‘ng qanot yetakchisi Marin Le Pen tartibsizliklardan keyingi chiqishida g‘alaba qozonsa, mamlakatda qonun ustuvorligini tiklashga va’da bergan.