Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

London Suriyaning yangi hukumatini tan oldi

London Suriyaning yangi hukumatini tan oldi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Suriyaga rasmiy tashrif buyurib, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tiklash va Damaskdagi yangi hukumatni qo‘llab-quvvatlash haqida e’lon qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu so‘nggi 14 yil ichida Londondan bunday darajadagi amaldorning Suriyaga ilk tashrifidir. Tashrif doirasida Lemmi Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharo va tashqi ishlar vaziri Esaad ash-Shaybaniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Lemmi London Suriyadagi yangi hukumatni qo‘llab-quvvatlashini va mamlakatda inklyuziv siyosiy o‘tish jarayonini muhim deb hisoblashini ta’kidladi:

«O‘n yildan ortiq davom etgan mojarodan so‘ng suriyaliklar yangi umidga ega bo‘lishdi. Britaniya o‘z manfaatlari yo‘lida yangi hukumatga barqaror, xavfsiz va farovon kelajak qurishda yordam beradi», — dedi vazir.

Lemmining ta’kidlashicha, barqaror Suriya Britaniyaning manfaatlariga mos keladi — bu noqonuniy migrasiya xavfini kamaytiradi, kimyoviy qurol zaxiralarini yo‘q qilish va terrorizmga qarshi kurashda (jumladan DAYEShga qarshi) samarali bo‘ladi.

Undan tashqari, London Suriyaga £94,5 million (taxminan $129 million)lik qo‘shimcha gumanitar yordam ajratishini ma’lum qildi.

Aprel oyidan boshlab Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh Suriyaning bir qator idoralari — Markaziy banki, vazirliklar, razvedka xizmatlari va energetika sohasidagi kompaniyalarga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni boshladi. Bu xalqaro hamkorlikni tiklashga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

Kiritildi: 13:54 06.07.2025. O'qildi: 336 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!