Latviyada og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshimiz O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida oilasi bag‘riga qaytarildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Xususan, Riga shahriga pul topish maqsadida kelgan K.F. sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch keladi va ishsiz qoladi. Shu munosabat bilan u elchixonaga O‘zbekistonga qaytishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Diplomatlar Latviya Migrasiya xizmati xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazdi va vatandoshimizning O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatdi. Elchixona va Xalqaro migrasiya tashkilotining Rigadagi vakolatxonasi ko‘magida hamyurtimiz vaqtincha turar joy bilan ta’minlandi. Shuningdek, uning Vatanga qaytishi uchun aviachipta sotib olib berildi.
Vatandoshimiz 8 avgust kuni Rigadan O‘zbekistonga "Uzbekistan Airways" aviareysida kuzatib qo‘yildi.