Ko‘zga surma qo‘yish ayollarga xos ziynat hisoblanib, ko‘zlarini parvarish qilish ularning vazifalaridan biridir. Chunki, o‘z a’zolarini parvarish qilish Alloh taologa yaqinlashtiradigan ibodatning bir turi hisoblanadi. Sunnatda ham surma qo‘yishga chorlovchi bir qancha ko‘rsatmalar bor. Ammo shuni unutmaslik kerakki, ushbu orolanish faqat er, mahramlar va ayollar davrasi uchun bo‘lishi lozim.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oq libos kiyinglar, chunki u eng yaxshi kiyimdir. Unda mayyitlaringizni kafanlanglar. Albatta, surmalaringizning eng yaxshisi ismid bo‘lib, u ko‘zni ravshan qiladi va kiprikni o‘stiradi”, dedilar.
Ummu Atiyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Biz o‘liklar uchun uch kundan ortiq aza tutishdan qaytarilgan edik, ammo eri o‘lgan ayol to‘rt oy o‘n kun kutardi. Bu vaqtda na surma qo‘yar, na xushbo‘ylik separ va na bo‘yoqli libos kiymas edi”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali roziyallohu anhu Yamandan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qurbonlik hayvonlarini haydab kelgach, Fotima roziyallohu anhoni ehromni yechib, bo‘yoqli libos kiygan va surma qo‘ygan holda ko‘rdi. U Fotimaning bu ishini yoqtirmay, inkor etgan edi, “Albatta, otam menga buni buyurdilar”, deb aytdi.”
Surmani toq qo‘yish mustahab amal. Imom Ahmad ibn Hanbalning o‘g‘li: “Men Abu Abdullohning oyna, surmadon va taroq solib qo‘yadigan hamyonchasini ko‘rganman. Qachon tonggi virdlarini bajarib bo‘lsa, oynachasiga qarab surma qo‘yar va sochini tarar edi. Surmani har bir ko‘ziga uch martadan toq qilib qo‘yar edi”, deb eslaydi.
Ba’zilar: “U o‘ng ko‘ziga uch marta, chapga ikki marta surar, ikki ko‘ziga qo‘yganda, birgalikda toq bo‘lar edi , deyishadi”.
Ibn Abbor roziyallohu anhu: “Ismid surmasini qo‘yinglar, albatta, u ko‘zni ravshan qilib, kiprikni o‘stiradi”, der edilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir surmadonlari bo‘lib, har kecha undan har ikki ko‘zlariga uch martadan surma qo‘yar edilar, deb eslardilar.
Surma juda qadim zamonlardan beri ma’lum narsa bo‘lib, undan ko‘zni davolash va muolaja qilishda foydalanilgan.
Ibn Qoyyim uni: “Surma ko‘z salomatligini saqlab, nurini oshiruvchi va ravshan qiluvchidir. U ko‘zga chiroy beradi, ba’zi navlari unga tushgan changlar va kichik zararli moddalarni zararsiz holatda sug‘urib oladi. Surmani uyquga yotishdan oldin qo‘yilsa, foydasi yanada oshadi, ko‘zga zarar beradigan harakatlar tinib, yaxshiroq singadi. U ko‘z salomatligiga tabiiy xizmat qiladi, bu borada ismid surmasining xosiyati ko‘proq”, deya ta’riflagan.
Ayollarning ko‘zlarini bo‘yagan holatda nomahramlarga ko‘rinishining hukmi nima?
Fuqaholar oyatdagi “Faqatgina undan ko‘rinib turgani” jumlasiga qilingan tafsirlardan kelib chiqib, ko‘rinib turgan ziynat nima ekani haqida turli fikrlarni bildirganlar. Ibn Mas’ud, Sa’d ibn Jubayr va boshqalar uni faqatgina ustki kiyimlar, deb aytishgan.
Ibn Abbos va Qatoda roziyallohu anhumo uni surma, uzuk, bilakuzuk va ba’zi pardoz bo‘yoqlari, deganlar. Avzoiy esa bu faqat yuz va ikki kaftga tegishli ruxsat, degan.
Bilakuzuk va surmaning ko‘rinib turishini joiz degan ulamolar uning fitna qo‘zg‘ovchi vosita bo‘lmasligini shart qilishgan. Agar bu narsalar fitnaga sabab bo‘lsa, shubhasiz uni ko‘rsatish man etiladi.
Ammo bu ziynatlarni ko‘rsatish joiz ekaniga fatvo bergan ulamolar, qasddan bo‘lmay, balki, tasodifan ko‘rinib qolishida zarar yo‘q ekanini aytib o‘tganlar. Bunga azador ayolning surma va bo‘yoqdan qaytarilganini dalil qilishgan. Ya’ni, ayollarning pardozini nomahram erkaklar ko‘rishi aslida aslo mumkin emas. Buning shariatda joriy bo‘lishiga orolanish va zeb-ziynat erkak kishini ayolga jalb etuvchi vosita bo‘lgani sabab. Mana shu qoidaga ko‘ra, azador bo‘lmagan ayollarning ham o‘z chiroyini nomahramlarga ko‘rsatishi harom. Ammo, bugungi ayollarning ommaviy ravishda yuz-ko‘zlarini bo‘yab yurishlari hisobga olinib, qasddan birovga ko‘rsatmaslik kerakligini shuning ichiga kiritib o‘tganlar.
Zebunniso Qutbiddin qizi