Bugun 20 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Kuzatuv kameralari — Eronning yangi quroliga aylandi

Kuzatuv kameralari — Eronning yangi quroliga aylandi

Eron raketalar samaradorligini kuzatish uchun xususiy kameralardan foydalanmoqda.

Bloomberg agentligi xabar berishicha, Eron so‘nggi kunlarda Isroilga qaratilgan raketali hujumlar natijasini baholash uchun xususiy kuzatuv kameralariga ulanishga urinmoqda. Bu haqda Isroil milliy kiberxavfsizlik boshqarmasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Rafael Franko ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron mutaxassislari so‘nggi ikki-uch kun ichida fuqarolarning videokameralariga kirib, raketalar qaysi joyga tushganini bilish va keyingi zarbalar aniqligini oshirish maqsadida ma’lumot to‘plamoqda.

Isroil jamoat radiosi orqali chiqish qilgan Franko, fuqarolarni uydagi kameralarni o‘chirishga yoki parollarini o‘zgartirishga chaqirdi. Bu chiqishdan avval Tel-Avivdagi ko‘p qavatli binolar joylashgan hududga Eron raketa zarbalari bergan edi.

20 iyun kuni ertalab Isroil armiyasi Eron tomonidan yangi raketa zarbalari haqida xabar berdi. Mudofaa tizimlari yuqori tayyor holatga keltirildi. Eronning Korpusi Sipohi Posdoroni Inqilob (KSIR) esa raketalar haqiqatan ham uchirilganini tasdiqladi. Ehtimoliy nishonlardan biri Nevatim harbiy aviabazasi bo‘lgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq Eronning zarbalari «Soroka» shifoxonasiga tekkanini aytgan edi. U yerda Isroil harbiylari davolanayotgan edi. The Times of Israel gazetaci binolarning yuqori qavatlari vayron bo‘lgani haqida yozdi.

Bu orada Eron Milliy xavfsizlik kengashi bayonot bilan chiqib, zarbalar Isroil jazoga tortilib, tovon to‘lamaguniga qadar davom etishini ma’lum qildi. Tehron yangi zarbalarga «barcha imkoniyatlar bilan» javob qaytarishini aytdi.

Kiritildi: Bugun 15:36. O'qildi: 2985 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!