Fransiyada boshlanib, keyin Italiyaga ham tarqalgan ijtimoiy norozilik namoyishlari Yevropani qamrab olayotgan beqarorlik belgisi bo‘lib, kuz va qish oylarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida keng ko‘lamli tartibsizliklar to‘lqini yuzaga kelishi kutilmoqda.
Bu haqda Politico nashri yozmoqda.
«Bir qator davlatlarda yoshlar o‘rtasidagi norozilik kayfiyati aholi turmush xarajatlari va yoqilg‘i narxlari borasida ortib borayotgan xavotirlar bilan uyg‘unlashmoqda», — deyiladi nashr maqolasida.
Politico ta’kidlashicha, hozirda asosiy e’tibor Italiyaga qaratilgan. Mamlakat janubida yuqori yoqilg‘i narxlariga qarshi chiqayotgan uzoq masofaga qatnovchi yuk mashinasi haydovchilarining norozilik namoyishlari kengayib bormoqda. Nashr bu vaziyatni Jorja Meloni hukumati uchun «jiddiy inqiroz» deb atagan.
«Supermarketlardagi raflar bo‘shab bormoqda, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin tugab qolmoqda, aeroportlarga yoqilg‘i yetkazib berish esa to‘xtagan. Meloni yo‘llardagi to‘siqlarni bartaraf etishga va dizel yoqilg‘isi qimmatlashuviga qarshi kurashish uchun yordam choralari paketini taqdim etishga va’da berdi», — deb yozadi Politico.
Shu bilan birga, nashr ma’lum qilishicha, 24 oktyabr kuniyoq Italiyaning sakkizta shahrida yangi norozilik namoyishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.