AQSh Rossiya, Ukraina va Yevropadagi hamkorlari bilan birgalikda Rossiya-Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha muzokaralardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga yordam berishi mumkin bo‘lgan yangi takliflarni ishlab chiqmoqda.
Bu haqda AQSh prezidentining maxsus vakili Jared Kushner ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama muzokaralar hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan keyingi muhokamalardan so‘ng Amerika tomoni muzokara jarayoni ishtirokchilari bilan maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.
«Ushbu muhokamalar davomida bir nechta yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi va hozirda ular o‘rganilmoqda. Ularning ayrimlari bevosita kelishuvga erishish uchun muhim burilish yasashi mumkin, boshqalari esa mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etishga yordam beradigan yangi takliflarga aylanishi mumkin», — dedi Kushner.
Uning ta’kidlashicha, Vashington Moskva va Yevropadagi hamkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi kun tartibini tayyorlashga e’tibor qaratmoqda.
Kushnerning fikricha, barqaror tinchlik kelishuvi Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini hamda yangi qurolli mojaroning oldini olishga qaratilgan urushdan keyingi aniq mexanizmlarni o‘z ichiga olishi kerak.
«NATO Yevropa xavfsizligining eng muhim tayanchi bo‘lib qoladi. Bu tizim yanada samarali harbiy hamkorlik, aloqa, mojarolarning oldini olish va o‘zaro keskinlikni pasaytirish mexanizmlari, shuningdek, kelishmovchiliklar inqirozga aylanishidan oldin ularni hal etishning amaliy usullari bilan to‘ldirilishi lozim», — deb ta’kidladi u.
Kushner aynan shu sababli AQSh Yevropa hamkorlarini muhokamalarga bevosita jalb etish ustida ish olib borayotganini qayd etdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yakuniy kelishuv manfaatdor tomonlar bilan kelishilgan bo‘lishi shart. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp faqat Ukraina va Yevropa xavfsizligini mustahkamlaydigan hamda yangi mojaro ehtimolini kamaytiradigan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kushnerning so‘zlariga ko‘ra, tomonlarning omma oldidagi keskin bayonotlariga qaramay, yopiq maslahatlashuvlar ishtirokchilari mojaroni tugatish uchun amaliy murosaga kelish zarurligini anglab yetmoqda.
U mojaroni hal etish bo‘yicha ishlar davom etayotganini, biroq muhokama qilinayotgan masalalarning murakkabligi muzokaralar maxfiyligini saqlashni talab qilishini ta’kidladi.