Ijtimoiy tarmoqda «Kuniga 50 ta bayonnoma yozadigan GAI» sarlavhasi ostida video tarqaldi. Holat yuzasidan YHXBB izoh berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yil 16 iyun kuni ijtimoiy tarmoqda «Kuniga 50 ta bayonnoma yozadigan GAI» sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
Video lavha o‘rganilganda, 2021 yil 14 iyun kuni Toshkent viloyati, Angren shahar IIB YHXB YPX xodimi SH.S. Angren shahar, Ibn Sino ko‘chasida Lada Largus rusumli avtomobil haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmagani bois to‘xtatgan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Video lavhada haydovchining talabiga ko‘ra, YPX xodimi tomonidan ko‘rsatilgan dislokasiya ko‘chirmasining muddati 2020 yil qilib belgilangani aytilgan.
Shuningdek, haydovchi telefonda muloqot qilgan bo‘lim boshlig‘i S.A. YPX xodimi xavfsizlik kamari bo‘yicha kuniga 50 ta bayonnoma yozishi kerakligini ta’kidlagan.
Mazkur holatlar yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.