Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari berk ko‘chaga kirib qolgan, deb hisoblamoqda va jangovar harakatlarni yanada kuchaytirishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Bloomberg Kremlga yaqin manbalarga tayanib yozishicha, Rossiya rahbariyati doiralarida Putin so‘nggi chora sifatida taktik yadroviy quroldan foydalanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib bormoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Rossiya yaqin vaqt ichida Kiyev markazi, shuningdek Ukrainaning boshqa shaharlaridagi infratuzilma ob’ektlariga ballistik raketalar bilan zarbalarni kuchaytirishi mumkin.
«Tramp ma’muriyati vositachiligida qariyb bir yarim yil davom etgan muzokaralar de-fakto muvaffaqiyatsizlikka uchradi», — dedi manbalardan biri.
Bloomberg yozishicha, Moskva Ukraina tomonidan Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari, portlar va logistika omborlariga berilgan zarbalarni NATOning bilvosita ishtiroki bilan bog‘lamoqda. Rossiya tomoni bunga alyansning Kiyevga qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlari yetkazib berishi asos bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Iqtisodiy bosim, yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar va logistika infratuzilmasiga berilayotgan zarbalarga qaramay, Bloomberg manbalari Putin hozircha urushni yakunlash niyatida emasligini bildirgan. Kremldagi ayrim manbalar esa hozirgi o‘zaro zarbalar bosqichi harbiy eskalasiyaning eng yuqori nuqtasi emas, deb hisoblamoqda.
«Rossiyalik amaldorlarning tobora ko‘proq qismi Putin so‘nggi chora sifatida Ukrainaga qarshi taktik yadroviy qurol qo‘llashi mumkin, degan xavotirni bildirmoqda. Ular fikricha, urushda mag‘lubiyat Putin uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan ssenariy», — deya Bloomberg Kremlga yaqin manbalar so‘zlarini keltiradi.
Shu bilan birga, nashrning yozishicha, vaziyatda keskin burilish bo‘lishiga umid pastligicha qolayotgan bo‘lsa-da, Kreml Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskvaga yangi takliflar bilan kelishi mumkinligiga hali ham umid qilmoqda.