"Sabah" bilan Yevropa Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l olgan Umarali Rahmonaliyev tarixiy natijadan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonlik yarim himoyachining aytishicha, hal qiluvchi uchrashuvda stadionga kelgan muxlislarning qo‘llab-quvvatlovi jamoaga katta kuch bergan.
"Allohga shukr, g‘alaba qozondik. Shuncha muxlis keldi va bizga kuch bo‘ldi. Bu o‘yin orqali butun Ozarboyjon xalqini birlashtirdik, desam ham bo‘ladi. Hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin", — dedi futbolchi.
Rahmonaliyev hal qiluvchi bahsda gol urishidan oldin murabbiylar undan darvoza tomon faolroq zarba berishni talab qilganini ham aytdi. Avvalgi o‘yinlarda unda imkoniyatlar bo‘lgan, biroq ulardan foydalana olmagan.
ECHLdagi ehtimoliy raqiblar haqida gapirar ekan, futbolchi muayyan jamoani tanlash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, uning orzusidagi uchrashuv bor.
"Asosiy bosqichda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi. Raqib tanlamasligimiz kerak. Ammo "Bernabeu"da "Real"ga qarshi o‘ynash yaxshi bo‘lardi", — dedi Rahmonaliyev.
U shuningdek, Abduqodir Husanov bilan birga Chempionlar ligasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Rahmonaliyevning fikricha, o‘zbekistonlik muxlislar endilikda "Sabah"ning o‘yinlarini tomosha qilish uchun Ozarboyjonga ham borishi mumkin.