O‘zbekistonda Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalari ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar beradi Norma.uz.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolarga pul yuborishda qabul qiluvchining bank hisobvarag‘i yoki bank kartasi rekvizitlarini kiritish talab etilmaydi. O‘tkazmani amalga oshirish uchun qabul qiluvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvarag‘iga ulangan bo‘lishi kerak.
Pul o‘tkazmalari Markaziy bankning tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda foydalanuvchining mobil bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan telefon raqami tegishli bank hisobvarag‘iga bog‘lanadi. Bir bank doirasida bitta mobil telefon raqami faqat bitta bank hisobvarag‘iga biriktirilishi mumkin.
Bog‘lash jarayoni yakunlangach, maxsus «bog‘lash kodi» shakllantiriladi va u foydalanuvchiga mobil bank ilovasida ko‘rsatiladi. Fuqaro istalgan vaqtda mobil ilova orqali yoki bevosita bankka murojaat qilib, telefon raqamining hisobvaraqqa bog‘lanishini bekor qilishi mumkin.
Agar foydalanuvchi mobil bank ilovasida yangi telefon raqamini ro‘yxatdan o‘tkazsa, avvalgi raqam avtomatik ravishda almashadi.
O‘tkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, to‘lovchiga operasiyani tasdiqlovchi kvitansiya taqdim etiladi. Unda o‘tkazma sanasi va vaqti, to‘lov tizimidagi raqam, banklar nomi, to‘lovchi va qabul qiluvchining ma’lumotlari, o‘tkazma summasi va komissiya aks etadi.
Hujjat 2026 yil 26 noyabrdan kuchga kiradi.
Kiritildi: 14:32 26.08.2026.
O'qildi: 855 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.