Kreml AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olgani haqidagi bayonotini ijobiy baholadi.
Kreml vakili Dmitriy Peskov jurnalistlarga:
«Ha, biz buni ko‘ryapmiz. Umuman olganda, biz buni juda yaxshi g‘oya va yaxshi tashabbus deb hisoblaymiz. Biz amerikaliklar bilan aloqadamiz. Biz har doim tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorimiz», — dedi.
Biroq Peskovning ta’kidlashicha, neftni qayta ishlash zavodlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish jahon energetikasi muammolarini hal qilmaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo — neft mahsulotlarini jahon bozorlariga chiqarish.
«Gap shu neft mahsulotlarining jahon bozorlariga to‘siqsiz kirishini ta’minlash haqida ketmoqda. Bu yerda neft tashuvchi kemalar uchun xavfsiz savdo va dengiz qatnovini ta’minlash zarur», — dedi Peskov.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida:
«Ukraina Rossiyaning energetika ob’ektlariga hujum qilmaslikka rozi bo‘ldi. Rossiya ham xuddi shunday qilishga rozi bo‘ldi!»
deb yozgan edi.
Peskovdan farqli o‘laroq, Tramp jahonda dizel yoqilg‘isi narxining oshishi asosan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bilan bog‘liq, Erondagi vaziyat bilan emas, deb ta’kidlagan.
Hozircha na Moskva, na Kiyev AQSh prezidentining bu bayonotini rasman tasdiqlagan.