«Nature» jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, 2021–2023 yillarda Antarktida muz qatlami massasi qariyb 695 milliard tonnaga oshgan. Olimlar buni tropik hududdagi okean suvlarining uzoq davom etgan isishi natijasida qor yog‘ishining ko‘payishi bilan izohlamoqda.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, g‘arbiy Tinch okeani va sharqiy Hind okeani tutashgan hududdagi «iliq havza»ning isishi minglab kilometr uzoqlikdagi Antarktida ob-havosiga ta’sir ko‘rsatgan. Bu jarayon atmosferada Rossbi to‘lqinini yuzaga keltirib, nam havoni Sharqiy Antarktida tomon yo‘naltirgan.
Natijada atmosfera daryolari orqali qit’aga ko‘proq namlik yetib borib, kuchli qor yog‘ishi kuzatilgan. Bu esa muz qatlamiga qo‘shimcha massa qo‘shilishiga olib kelgan.
Olimlar 695 milliard tonnani Antarktidada GRACE sun’iy yo‘ldoshlari qayd etgan eng katta qisqa muddatli massa o‘sishi deb baholamoqda. Biroq bu jarayon vaqtinchalik bo‘lib, qit’adagi muz massasining uzoq muddatli kamayish tendensiyasini o‘zgartirmagan.
Tadqiqotga ko‘ra, inson faoliyati bilan bog‘liq omillar ushbu qor yog‘ishi anomaliyasining atigi 9 foizini tashkil etgan. Olimlar tropik «iliq havza»dagi bunday isish davrlari taxminan har o‘n yilda bir takrorlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.