Yangiariq tumanida ikki nafar voyaga yetmagan farzand sud qarori asosida buvisining qaramog‘idan olinib, otasi tarbiyasiga berildi.
Oilaviy nizolar sabab Yangiariq tumanida yashovchi fuqaro A.M. ikki nafar voyaga yetmagan farzandini olib, ota uyiga qaytgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, vasiylik va homiylik organini xabardor qilmasdan, farzandlarini onasi I.M.ning qaramog‘ida qoldirib, daromad topish maqsadida Rossiya Federasiyasiga jo‘nab ketgan.
Shundan so‘ng bolalarning otasi B.X. farzandlarini o‘z tarbiyasiga olish va ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, 10 va 5 yoshli ikki nafar bolani buvisi I.M.ning qaramog‘idan olib, otasi B.X. tarbiyasiga berish belgilangan.
Sud hujjati Majburiy ijro byurosi Yangiariq tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochilari tomonidan ijroni ta’minlash bo‘yicha tegishli harakatlar boshlangan.
Bolalarni ixtiyoriy ravishda otasiga topshirish yuzasidan ogohlantirish berilganiga qaramay, javobgar turli sabablarni keltirib, sud hujjati ijrosini kechiktirib kelgan.
Natijada qonunchilik talablari asosida ko‘rilgan tezkor ijro harakatlari davomida, xolislar ishtirokida ikki nafar norasida farzand otasining bag‘riga qaytarildi.
Shu tariqa sud qarori ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Mazkur holat yana bir bor voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning munosib tarbiya va oilaviy muhitda ulg‘ayishini ta’minlash muhim ekanini ko‘rsatadi.
Kiritildi: 22:26 15.09.2026.
O'qildi: 597 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.