2026 yil 28 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi hamda Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda korrupsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 5 ta muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ular bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi, korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslarning elektron reestri, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va takomillashtirilgan komplayens-nazorat tizimi joriy etildi.
Shuningdek, hukumat a’zolari va hokimlikka nomzodlarning korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini deputatlar oldida taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Yirik investisiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi ham belgilandi.
Hisobot davrida davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan 19 ming 709 ta o‘rganish va monitoring o‘tkazilib, natijada 1 trillion 886 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. Shundan 264,7 milliard so‘mlik qonunbuzilishlar bartaraf etildi, 587,8 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» platformasi orqali 28 ming 318 nafar davlat xizmatchisi o‘qitildi.
Yig‘ilishda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan 127 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga yuborilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, qiymati 298,4 milliard so‘m bo‘lgan 73 ta davlat xaridida qonunbuzilishlar aniqlandi. Bu bo‘yicha vazirlik va idoralarga 42 ta taqdimnoma kiritildi, 43 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Hisobot davrida 185 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularda 255 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi.
Shuningdek, «E-qaror» tizimida «yashirilgan» maqomda qabul qilingan 19 ming 495 ta qaror va farmoyish o‘rganilib, ularning 775 tasi asossiz ravishda yopiq qabul qilingani aniqlandi. Bu holatlarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga 42 ta taqdimnoma kiritildi.
Tadbirda xalqaro hamkorlik doirasida Transparency International bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Milliy halollik tizimini baholash hisoboti e’lon qilingani, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda «LISA — mahalliy halollik tizimi» loyihasi amalga oshirilgani qayd etildi.
Shuningdek, 2027 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 12-konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqidagi tarixiy qaror ham alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilish yakunida Agentlik va Jamoatchilik kengashining 2026 yil ikkinchi yarim yilligi uchun belgilangan ustuvor vazifalari yuzasidan axborot berildi.