Dushanba kuni Kolumbiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida kamida 224 kishi halok bo‘ldi, yana 1310 kishi jarohat oldi. Bu haqda Kolumbiya poytaxtlari assosiasiyasi ma’lum qildi. Tabiiy ofat oqibatida bir nechta shaharda binolar qulab tushgan, keng ko‘lamli qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Eng ko‘p zarar Kali va Pereyra shaharlariga yetgan. Kalida 95 kishi halok bo‘lgan, 885 kishi jarohatlangan va 56 ta bino qulab tushgan. Pereyrada esa 72 kishi halok bo‘lib, vayron bo‘lgan binolar soni 66 taga yetgan.
Kibdo, Kali, Manisales, Pereyra va Armeniya shaharlarida qizil darajadagi xavf signali e’lon qilindi. Pereyra, Manisales, Kibdo, Armeniya, Kartago va Buenaventura aeroportlaridagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila 1575 ta turar joyga zarar yetkazgan, ularning 37 tasi to‘liq vayron bo‘lgan. Shuningdek, 61 ta bino, 18 ta tibbiy markaz, 52 ta ta’lim muassasasi, 17 ta jamoat markazi va 18 ta yo‘l zararlangan.
Kolumbiya hukumati ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat resurslarini safarbar qilish va muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida milliy miqyosda favqulodda holat e’lon qildi.
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 7:34 da sodir bo‘lgan. Uning episentri San-Xose-del-Palmar shahrining taxminan 5 kilometr sharqida joylashgan. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 107 kilometr chuqurlikda bo‘lgan.
Asosiy zilziladan 44 daqiqa o‘tib, magnitudasi 5,0 bo‘lgan takroriy silkinish sodir bo‘lgan. Uning episentri San-Xose-del-Palmardan taxminan 16 kilometr g‘arbda joylashgan.