Bugun 25 oktyabr, 2025 yil, shanba

КИР

Kolumbiya prezidenti Trampning uni «narkobaron» deb atagan so‘zlariga keskin munosabat bildirdi

Kolumbiya prezidenti Trampning uni «narkobaron» deb atagan so‘zlariga keskin munosabat bildirdi

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSh prezidenti Donald Trampning uni «narkobaron» deb atagan bayonotiga keskin munosabat bildirdi.

«Bilaman, janob Tramp mening kimligimni, nima deb o‘ylashimni va bu mamlakat tarixi nimadan iborat ekanini bilmaydi. U hatto Kolumbiya qayerdaligini ham aniq bilmaydi. Bu yerda koka yetishtirishni kim ko‘paytirdi va kim kamaytirdi? Narkokartellarga qarshi urushni kim boshladi?» — dedi Petro Bogotadagi tarixiy Bolivar maydonida yig‘ilgan minglab tarafdorlari oldida.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uning va oila a’zolarining AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi ortida Kolumbiyadagi ba’zi korrupsioner biznesmenlar va siyosatchilar turibdi. Ular, Petroning ta’kidlashicha, Amerikadagi o‘ta o‘ng qanot kuchlarini Kolumbiya va uning rahbariyatiga qarshi sanksiyalar joriy etishga undayotgan ekan.

«Janob Tramp, siz hozir ittifoqchi deb atayotgan odamlar — haqiqiy Kolumbiya mafiyasidir. Sizning ittifoqdoshingiz — Ochoa va Pablo Eskobar kartellari muhitida o‘sgan sobiq prezident. Tramp esa giyohvand moddalarga qarshi eng keng ko‘lamli kurashni olib borgan yetakchiga hujum qilmoqda», — dedi Kolumbiya rahbari.

Petro AQShda hech qanday mulkka egalik qilmasligini ta’kidlab, qo‘shdi:

«Men hech qachon biznes bilan shug‘ullanmaganman. AQShda bir dollarim ham, hisobim ham yo‘q. Hozir ham, kelajakda ham u yerda biznes qilish niyatim yo‘q», — dedi u.

AQSh Kolumbiya prezidentini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

Avvalroq AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Gustavo Petro, uning turmush o‘rtog‘i Veronika del Sokorro Alkoser Garsiya, o‘g‘li Nikolas Petro va ichki ishlar vaziri Armando Benedettini «maxsus tayinlangan shaxslar» ro‘yxatiga kiritgani haqida ma’lum qilingan edi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessentning ta’kidlashicha, Petro hokimiyatga kelganidan buyon Kolumbiyada kokain ishlab chiqarish so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori darajaga yetgan, prezident esa go‘yoki narkokartellar faoliyatini to‘xtatishdan bosh tortgan.

Tramp Kolumbiya prezidentini tanqid qildi

Donald Tramp o‘z navbatida Gustavo Petroni «noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga aloqador narkobaron» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Kolumbiyaga ajratiladigan barcha to‘lovlarni muzlatgan va ikki tomonlama munosabatlarni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Kiritildi: Bugun 14:53. O'qildi: 537 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!