Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon mamlakatning Binance kriptovalyuta birjasiga kiberhujum uyushtirgani va undan 6,3 milliard dollarlik aktivlarni o‘g‘irlagani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Shimoliy Koreyaning davlat axborot agentligi KCNA xabar berishicha, Kim Yo Chjon AQShning bu boradagi ayblovlarini asossiz deb atagan. Uning ta’kidlashicha, bunday da’volar Vashingtonning Pxenyanga nisbatan davom etayotgan dushmanona siyosatini ko‘rsatadi.
Avvalroq AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) dunyodagi eng yirik kriptovalyuta platformalaridan biriga hujum va mablag‘larni o‘g‘irlash ortida Shimoliy Koreya hukumati bilan aloqador bo‘lgan TraderTraitor xakerlar guruhi turganini ma’lum qilgan edi.
Hodisadan keyin Binance mijozlari birjadan mablag‘larini ommaviy ravishda yechib ola boshlagan. Dushanba kuniga qadar platformadagi hisoblardan 4,72 milliard dollar chiqarib olingan. Biroq birja rahbariyati moliyaviy ahvol barqarorligini bildirib, mijozlar uchun mablag‘ yechib olish imkoniyatini saqlab qolgan.
Blokcheyn tahlillari bilan shug‘ullanuvchi Chainalysis kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda butun dunyoda xakerlar tomonidan o‘g‘irlangan kriptoaktivlarning 89 foizi Shimoliy Koreya bilan bog‘liq. Kompaniya hisobotida so‘nggi besh yilda bitta kiberhujumdan ko‘rilgan o‘rtacha zarar 50,65 million dollardan 185,65 million dollargacha oshgani qayd etilgan.
Elliptic tadqiqotchilari esa Shimoliy Koreya xakerlari joriy yilda 7,6 milliard dollarlik kriptovalyutani o‘g‘irlaganini bildirgan. Tahlilchilar Pxenyan bunday hujumlar orqali o‘zining qurol-yarog‘ dasturlarini moliyalashtirayotganini taxmin qilmoqda.
Janubiy Koreya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 47,18 trillion von yoki 35,09 milliard dollarni tashkil etgan. Bu Binance birjasidan o‘g‘irlangani aytilgan mablag‘ mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb oltidan bir qismiga teng ekanini anglatadi.