Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

“Kelin salom”ning hukmi qanday?

“Kelin salom”ning hukmi qanday?

Savol: Hozir ayrim joylarda rosa urfga kirgan “kelin salom” haqida so‘ramoqchi edim. Dinimizda “kelin salom”ning hukmi qanday?

Javob: Afsuski, so‘nggi paytlarda turli bid’atlar paydo bo‘lyapti. Kimlardir bundan manfaatdor bo‘layotgani uchun mazkur bid’atu xurofotlarga “milliylik” to‘nini kiygizyapti. Ana shunday bid’atlardan biri “kelin salom”dir.

Bu marosimning nomi go‘zal va jimjimador. Lekin shu nom ostida o‘tadigan tadbirlarda manmanlik, riyokorlik, isrof, shonu shuhratga berilish, g‘iybat kabi illatlar ko‘pligi bor gap.

Salom berish – sunnat amal. Bu amal tufayli barakotlar yog‘ilib, xayrli
amallar keng quloch yoyadi. Lekin salom berish bayrog‘i ostida qanchadan-qancha gunoh-ma’siyatlar qilinyapti. “Kelin salom”dan qiz chiqargan barcha ota-onalar bezib qolishgan.

Avvalo, egilib salom berishdan qaytarilganmiz. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan: «Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «Yo‘q», dedilar («Ma­jallatul buhusil islamiya»).

Demak, «kelin salom»dagidek yetti bukilib salom berish dinimizga xilof. Kelinchak mehmonlarga ketma-ket egilib salom beraversa, uning nafaqat jismi, balki kayfiyatiga ham salbiy ta’sir qiladi. Vaholanki, dinimizda zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q.

Savol: Er xotiniga mahr uchun nimadir va’da qilsa-yu, lekin muayyan vaqtdan keyin ham olib bermasa, nikoh buzilmaydimi?

Javob: Nikoh durust bo‘lishining sharti bunday: turmushga chiqayotgan kelin guvohlar, ya’ni ikki er yoki bir er va ikki ayol huzurida: “O‘zimni jufti halollikka bag‘ishladim”, degach, turmush qurayotgan er: “Qabul qildim”, deb eshittirib aytishi lozim. Bu so‘zlar bir joyda aytilishi va uni guvohlar hamda turmush qurmoqchi bo‘layotganlarning har biri o‘sha joyda eshitishi zarur.

Nikohdan so‘ng er ayoli bilan bo‘lgach, mahrni berishi vojib bo‘ladi. Agar bir muddat belgilab nasiya qilgan bo‘lsa, muddati kelgach, berishi lozim. Er va’dasini bajarmay, mahrni paysalga solsa, nikoh buzilmaydi (“Fatovoyi Hindiya”).

Savol: Yurtimizning ayrim hududlarida aza bo‘lgan xonadonda ayollar mato, sochiq, choy, xullas, shunga o‘xshash narsalarni ulashadilar. Shu mumkinmi? Bundan tashqari, vafot etgan odamga qo‘y so‘yib, ehson qilishchi?

Javob: Siz aytgan narsalarni tarqatish shariatimizda yo‘q. Vafot etgan kishiga ehson sifatida qo‘y so‘yib, muhtojlarga berish joiz. Bundan vafot etgan odamga savob boradi. Biroq bu borada ham turli bid’at va xurofotlardan ehtiyot bo‘lish zarur.

Savol: Unashtirilganda berilgan mollar mahrga o‘tadimi?

Javob: Agar ular hadya va boshqa maqsadlar niyatida berilmay, mahr deb atalsa, mahr o‘rniga o‘tadi. Unashtirilganidan so‘ng ikki tomon kelisholmay, nikoh aqdi qilinmasa, kuyov kelin tomonga mahr o‘rniga bergan barcha mollarni qaytarib oladi. Shuningdek, hadya sifatida bergan mollari ham qaytariladi (“Raddul muhtor”).

Manbalar asosida

Tolibjon NIZOM tayyorladi.

“Mo‘minalar” jurnalining 2019 yil, 4-sonidan

Kiritildi: 07:30 19.01.2020. O'qildi: 7197 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!