Albatta, bu issiqqa kondisionersiz toqat qilish qiyin. Lekin uni ko‘p va noto‘g‘ri ishlatish jiddiy muammolarga olib kelishi tayin. Masalan:
- Organizmning suvsizlanishi. Xona havosi sovigach, kamroq terlaymiz, biroq suv ichishga nisbatan xohishimiz ham pasayadi. Tashqarida yuqori harorat, buni bilgan organizm esa ko‘p suv so‘rab turgan bo‘ladi. Biz esa suv muvozanatini ta’minlab berolmaymiz.
- Tomoq va burun bilan bog‘liq muammolar. Kondisionerni ishlatish natijasida paydo bo‘ladigan tez-tez uchraydigan kasalliklar - rinit, faringit va laringit. Chunki kondisioner ishlatilganda tomoq, burun, ko‘zlarning quruqlik xavfi bir necha barobar ortadi.
- Allergiya. Kondisionerning filtrlariga e’tibor bermaslik bois havo mikroblar yoki allergenlarga to‘ladi. Filtrlarni vaqti-vaqti bilan o‘zgartirib turing, kondisionerning sifatini va to‘g‘ri ishlashini nazorat qiling.
- Tomir tortishishi. Sovuq tananing ba’zi sohalarida reflektor mushak qisqarishlari yuz beradi. Shuning uchun tananing ma’lum joylarida sovuqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siridan qochish vaharoratni tartibga solish muhimdir. Mutaxassislar haroratni +24...+25ºC dan pastga tushirishni tavsiya etmaydi.
- Terining zararlanishi. Ter oqishi o‘z-o‘zidan issiqlikka qarshi himoya mexanizmidir. Kondisionerdan haddan tashqari ko‘p foydalanish bu jarayonni buzadi, so‘ng teri reaksiyalariga, masalan, qichishish va dermatitga olib keladi. Agar teri quruqlikka moyil bo‘lsa, kremlardan foydalanishingiz shart.
- Ko‘z qurishi. Bu ayniqsa linza taqadiganlarga taalluqli - ular boshqa odamlarga qaraganda ko‘proq ko‘z shilliq qavatining quruqlashishiga moyil. Ofis sharoitida kondisioner ostida ishlashga majbur bo‘lsangiz, shifokor tavsiyasi bilan ko‘zni namlantiruvchi maxsus tomchilardan foydalaning.
- Bosh og‘rig‘i. Agar xona doimiy ravishda sovuq va namlik darajasi past bo‘lsa, bunday atrof-muhit o‘z-o‘zidan organizm uchun stressdir. Sovuq bosimni saqlab turishga yordam beradi, issiq esa uni pasaytiradi. Agar biz muhitni, haroratni va namlikni keskin o‘zgartirsak, organizmning moslashishi qiyin kechadi.