"Kelasi hafta texnik ekspertlar darajasida jamoalar barcha tafsilotlarni muhokama qilishni boshlaydi, biz bu bo‘yicha amerikalik hamkorlarimiz bilan kelishib oldik", — deya ta’kidladi Andrey Yermak “Ukrinform” nashriga.
Ermak, shuningdek, Jiddadagi uchrashuv davomida Qo‘shma Shtatlar “adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun harakat qilish istagini namoyon etganini” ma’lum qildi.
"Biz AQShni bugungi kunda adolatli tinchlikni o‘rnatish uchun barcha imkoniyatlarga ega mamlakat deb hisoblaymiz. Ular buning uchun zaruriy vositalarga ega. Shuningdek, bugun biz sheriklarimizdan ularning bundan keyin ham bu masalada sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini eshitdik. Bu oson ish emas. Yana kim ham bu ishni uddalay olardi, bilmayman. Ammo ular biz bilan birga bo‘lishga, bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorliklari muhim", — deya fikr bildirdi Ukraina prezidenti devoni rahbari.
Ermakning so‘zlariga ko‘ra, Jiddadagi uchrashuvning asosiy natijasi AQSh harbiy yordami va razvedka ma’lumotlari almashinuvining tiklanishi bo‘ldi.
"Muzokaralardan so‘ng amerikalik sheriklar uchrashuv davomida ishlab chiqilgan takliflarni Rossiya tomoni bilan muhokama qilishlari kerak. Butun dunyo kim tinchlikni xohlashi, kim esa faqat gapirib, amalda hech narsa qilmayotganini ko‘radi", — deya qo‘shimcha qildi Yermak.