Yamanda vabo bilan kasallanish holatlari so‘nggi uch hafta ichida uch baravarga ortdi va aholining ommaviy ko‘chishi fonida yuqumli kasalliklar tarqalish xavfi ortishda davom etmoqda.
Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, uch hafta ichida vaboga shubha qilingan holatlar soni uch barobar ko‘payib, 217 tadan 647 taga yetgan. Yil boshidan buyon Yamanda vaboga shubha qilingan jami 8 034 ta holat va 27 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, barcha holatlarning to‘rtdan bir qismi so‘nggi to‘rt haftaga to‘g‘ri keladi.
JSST ko‘chirilgan shaxslar orasida epidemik kasalliklar, ayniqsa, vabo va qizamiq keng tarqalayotganidan ogohlantirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirilgan oilalarning aksariyati joylashgan lagerlar bo‘lgan beshta viloyat — Abyan, Lahj, Dali, Taiz va Adan hissasiga barcha kasallanish holatlarining 94 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
So‘nggi bir oy ichida mamlakatda 1 892 ta yangi vabo holati aniqlangan, shu jumladan 11 kishi vafot etgan. Yil boshidan buyon jami 7 871 kishi ushbu infeksiyani yuqtirib olgan, 27 kishi esa hayotdan ko‘z yumgan.
Bundan tashqari, JSST yil boshidan buyon qizamiqqa shubha qilingan 22 000 dan ortiq holat va ushbu kasallikdan 128 ta o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi. Kasallanishning keskin ortishi hozirda ko‘chirilgan oilalar yetib kelayotgan Hadramautda kuzatilgan.