Putin Tramp va Si Szinpinga Ukrainaning ishtirokisiz urushni tugatish masalasini muhokama qilishga taklif qildi — WSJ.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, Ukrainaga qarshi urushni tugatish shartlarini muhokama qilishni taklif qildi.
The Wall Street Journal (WSJ) nashri muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, Moskva o‘zi uchun qulay shartlarda kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Bunda taklif etilayotgan uchrashuvda Ukraina tomonining ishtiroki ko‘zda tutilmagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml muzokaralarni 18–19 noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ATES) sammiti doirasida tashkil etishni taklif qilgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday uchrashuv o‘tkazish imkoniyati muhokama qilinayotganini tasdiqladi.
«Hozircha uchrashuvning o‘zi va uning ehtimoliy kun tartibi bo‘yicha aniq tushuncha yo‘q. Biroq har uchala tomon ham bunday uchrashuvni o‘tkazish imkoniyatini nazariy jihatdan tan olmoqda», — dedi u.
AQSh ma’muriyatining yuqori martabali vakili so‘zlariga ko‘ra, Tramp hozircha sammit o‘tkazishga rozilik bildirmagan. Biroq u mazkur taklifni ijobiy qabul qilishi mumkin.
Oq uy esa Rossiya tomonining ushbu tashabbusi yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.