19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Yana bitta oqpadar” farzand 80 yoshli otasini haqoratlab (Jizzax viloyati, Yangiobod tumani) unga qo‘l ko‘targan deb nomlangan video tarqaldi.
Holat yuzasidan 2019 yilning 13 fevral kuni Jizzax viloyati Yangiobod tumani Sarmich MFY Pastki Sarmich qishlog‘ida yashovchi 1936 yil tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba 2002 yil 17 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi va 2015 yil 13 avgust kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,j” bandlari bilan sudlangan fuqaro O.Tolipov xonadonida sodir bo‘lganligi, videoda ko‘ringan keksa yoshli otaxon - xonadon egasi fuqaro O.Tolipovning o‘zi bo‘lib, u so‘nggi marta sobiq turmush o‘rtog‘i O.Jo‘rayevani 2015 yil 13 avgust kuni qasddan o‘ldirgandan so‘ng agressiv holatga tushib qolganligi, o‘zi mustaqil harakat qila olmasligi, shuningdek ko‘zi ko‘rmasligi, soch, soqol va tirnoqlarini olish maqsadida farzandlari unga qaragan vaqtida u doimiy ravishda qarshilik ko‘rsatib, qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib kelishi, yashash xonadonida kiyimlarini yechib tashlash holatlari kuzatilib kelinayotganligi, holat sodir bo‘lgan kunda ham fuqaro O.Tolipovning o‘g‘li 1972 yil tug‘ilgan Z.Tolipov va uning turmush o‘rtog‘i 1970 yilda tug‘ilgan M.Mansurova O.Tolipovning kiyimlarini almashtirish, yuvintirish hamda tanasining orqa qismiga toshgan yaralarga dori quyish maqsadida yashash xonadonining pesh ayvoniga olib chiqqanligi, u esa doimgidek o‘g‘li va keliniga qarshilik ko‘rsatganligi, holatni Z.Tolipovning qizi 2000 yilda tug‘ilgan SH.Obidjonova qo‘l telefonida tasvirga olganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yangiobod tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.