Kredit - bugungi kunda ko‘pchilik uchun qulay imkoniyat. Ammo, qarz olish bilan birga mas’uliyat ham yuklanadi. Kredit shartnomasiga rioya qilmaslik, ayniqsa, garovga qo‘yilgan mulkni yashirish qonun bilan jazolanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sudning bank foydasiga qarzdor J.M.dan kredit qarzdorligini garov mulki - "Bestune" avtomashinasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro varaqasi Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi ish yurituviga kelib tushgan.
Qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan qarzdorlikni to‘lashdan bosh tortib, o‘ziga tegishli avtomashinasini xatlashdan yashirib kelgan.
Qarzdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atish yuzasidan surishtiruv jarayonida huquqiy oqibatlar tushuntirilgach, "Bestune" xatlashga topshirildi va jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Kelgusida ushbu avtomashina auksion savdolarida sotilib, tushgan puldan qarzdorliklar qoplanadi.
Xulosa qilib aytganda, qarz majburiyatlarini bajarmaslik va garovga qo‘yilgan mulkni yashirish kabi harakatlar nafaqat moliyaviy yo‘qotishlarga, balki qonun bilan ta’qib qilinishiga olib keladi. Har doim o‘z majburiyatlaringizga mas’uliyat bilan yondashing!