Yulian Nagelsman Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Bu haqda Germaniya futbol ittifoqi (DFB) matbuot xizmati rasman e’lon qildi.
Mutaxassisning iste’fosiga terma jamoaning 2026 yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyasiz ishtiroki sabab bo‘lgan. Nagelsman o‘z bayonotida qaror qabul qilish oson bo‘lmaganini, biroq jamoaga yangi qon zarurligini ta’kidladi:
«Musobaqadan chiqib ketganimizdan keyin bir necha kun davomida ko‘p o‘yladim. Yaqin insonlarim va federasiya rahbariyati bilan maslahatlashdim. Bu qaror men uchun oson kechmadi. Men uchun doim eng muhim masala jamoaning muvaffaqiyati bo‘lgan. Bunday og‘ir omadsizlikdan keyin jamoa hammasini yangidan boshlash imkoniga loyiq», — deydi murabbiy.
Nagelsman, shuningdek, murabbiylar shtabi, futbolchilar va federasiya xodimlariga minnatdorchilik bildirib, muxlislardan uzr so‘radi:
«Muxlislarga alohida tashakkur aytmoqchiman. Sizlar bizga ishondingiz, doim qo‘llab-quvvatladingiz. Sizlarning umidingizni oqlay olmaganimiz va ushbu jahon chempionatida sizlarga unutilmas futbol oqshomlarini taqdim eta olmaganimizdan chin dildan afsusdaman. Sizlar bundan ham yaxshirog‘iga munosib edingiz».
Germaniya terma jamoasi JCH-2026 musobaqasining 1/16 finalida Paragvay to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan bo‘lsa, penaltilar seriyasida paragvayliklar 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, nemislarni musobaqadan chiqarib yuborishgan edi.