AQSh tibbiy yordam dasturlari qisqartirilgani sabab Janubiy Sudanning sharqiy Jongley shtatida kamida sakkiz kishi, jumladan besh nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Al-Jazeera telekanali Save the Children xayriya tashkilotiga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ularning o‘limi AQSh prezidenti Donald Trampning «Amerika birinchi» siyosati sabab xalqaro gumanitar dasturlariga mablag‘ ajratish qisqartirilganidan keyin yuz bergan.
Kuchli davlatlar tomonidan yaqin haftalar ichida qabul qilingan qarorlar bolalar o‘limiga olib keldi — bu holat jahon hamjamiyatini larzaga solishi kerak, dedi Save the Childrenn’ning Janubiy Sudandagi direktori Kristofer Nyamandi.
O‘tgan yilgacha tashkilot mamlakatdagi 27 ta sog‘liqni saqlash markazini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Biroq AQSh yordamining qisqarishi sabab ularning yettitasi butunlay yopilgan, qolgan 20 tasi esa faoliyatini cheklashga majbur bo‘lgan. Buning natijasida butun mamlakat bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan 600 dan ortiq tibbiyot xodimining 200 nafari ishsiz qolgan.
Bundan tashqari, AQSh mablag‘lari hisobiga bemorlarni shifoxonaga olib boruvchi transport xizmati ham izdan chiqqan. Natijada vabo yuqtirgan bemorlar tibbiy yordam olish uchun 40 daraja issiqda soatlab piyoda yurishga majbur bo‘lgan.