Bugun 3 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Italiyalik hamkorlar bilan O‘zbekistonda naslchilik agroklasteri ishga tushirildi

A A A
Italiyalik hamkorlar bilan O‘zbekistonda naslchilik agroklasteri ishga tushirildi

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiya chorvadorlari uyushmasi (AIA) bosh direktori Mauro Donda va Italiya milliy quyonchilik uyushmasi (ANCI) prezidenti Serdjo Pompa bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Muloqot chog‘ida ushbu uyushmalar mamlakatimiz idoralari va tadbirkorlari bilan bir necha yildan beri olib borayotgan hamkorligi natijasida erishilgan katta yutuq – Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida barpo etilgan dunyodagi eng yirik va eng zamonaviy quyonchilik majmuasi faoliyati muhokama qilindi.

Italiya texnologiyalari asosida barpo etilgan quyonchilik majmuasi yiliga 2 million quyon yetishtirish, 2 ming tonna quyon go‘shti, quyonlar uchun 80 ming tonna to‘liq rasionli omuxta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Jarayonlar chiqindisiz uslubda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda 36 ming tonna tabiiy o‘g‘it ham ishlab chiqariladi, quyon terilari esa qayta ishlashga yo‘naltiriladi.

Mamlakatimizda yaratilgan korxonaning asosiy afzalligi – bu yerga Italiya tomonidan eng yuqori sifatli genetik material va naslli quyon urg‘ochilari yetkazib berilgan. Natijada korxona naslli quyonlar avlodini ko‘paytirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Italiya milliy quyonchilik uyushmasi mutaxassislari korxona bilan yaqindan hamkorlik qilib, barcha jarayonlarni onlayn tarzda kuzatib boradi. Buning natijasida hayvonlar sog‘ligi, berilayotgan yem tarkibi, qo‘llanishi lozim bo‘lgan dorivorlar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Hozirda korxona quyon go‘shtini qo‘shni bozorlarga muvaffaqiyatli eksport qilmoqda va yangi salohiyatli importchi mamlakatlar bilan muzokara olib bormoqda.

Kiritildi: 08:04 19.03.2024. O'qildi: 1068 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!