Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Yevropa Ittifoqini Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha muzokaralarda tashkilot nomidan kim va qanday vakolatlar bilan ishtirok etishini aniq belgilashga chaqirdi.
Bu haqda Bloomberg agentligi siyosatchining Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshtaga yo‘llagan maktubiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Meloni mazkur masalani kelasi hafta Dublinda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqining norasmiy sammitida muhokama qilishni taklif etgan.
Italiya hukumati rahbarining fikricha, turli muzokara formatlarida bir nechta vakilning o‘zaro muvofiqlashtirilmagan holda harakat qilishi Yevropa Ittifoqiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda.
"Ishonchim komilki, barchamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz: Yevropaning kelishilmagan holda harakat qilayotgandek taassurot qoldirishi bilan biz faqat ushbu urushning davom etishini istaydigan kuchlar manfaatiga xizmat qilyapmiz", — deyiladi Melonining maktubida.
Italiya bosh vaziri Yevropa Ittifoqi Ukraina masalasida yagona pozisiyadan harakat qilishi va muzokaralar jarayonida tashkilot manfaatlarini ifoda etadigan vakilning vakolatlari aniq belgilanishi zarurligini ta’kidladi.