Rossiyaning Yevropada davom etayotgan diversiya harakatlari, jumladan razvedka ma’lumotlarini to‘plashi mumkin bo‘lgan dronlardan foydalanish holatlari, Kreml allaqachon “NATO va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy urushga tayyorgarlik kampaniyasining axborot-psixologik bosqichini” boshlaganini ko‘rsatadi. Bu haqda Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘zining navbatdagi tahliliy hisobotida ma’lum qildi.
Tahlilda qayd etilishicha, Rossiyaning uzoq masofali zarba beruvchi qurollar va dronlar ishlab chiqarish sohasidagi imkoniyatlari NATO uchun “bevosita tahdid” hisoblanadi. Shu bilan birga Moskva armiyasi saflarini to‘ldirish va mustahkamlash ishlarini davom ettirmoqda. Bu esa Ukraina urushi tugaganidan keyin Rossiya NATO'ning sharqiy qanotiga tezkor tarzda qo‘shin jo‘natishga tayyor bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
"Rossiya mudofaa sanoati T-90 tanklarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish va tank parkini urushgacha bo‘lgan darajaga qaytarish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarni amalga oshirmoqda. Bu Rossiyaning NATO uchun uzoq muddatli harbiy tahdid sifatida o‘z pozisiyasini saqlab qolish niyatidan dalolat beradi", — deya ta’kidlaydi ISW tahlilchilari.
"Bundan tashqari, Rossiya “katta miqyosdagi harbiy amaliyotlarni ko‘p sonli tank va zirhli texnikasiz olib borish imkonini beruvchi operasion konsepsiyalar va jangovar taktikalarning yangi shakllarini ishlab chiqmoqda", deyiladi ISW hisobotida.