Turkiyada salomatligi keskin yomonlashgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi A.S. mamlakatga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli yigit Turkiyaga mehnat qilish maqsadida borgan. Biroq sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ishini davom ettira olmagan va O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. Shu maqsadda aviachipta xarid qilib, Istanbul aeroportiga borgan fuqaroning ahvoli to‘satdan og‘irlashib, u yerda hushidan ketgan.
Shundan so‘ng u zudlik bilan shaharning Bashakshehir tumanida joylashgan «Cham va Sakura» shifoxonasiga yetkazilgan va shifokorlar nazoratida tibbiy muolajalar olgan. Yigitni davolash jarayonida kelib chiqqan tibbiy xarajatlarning bir qismi Turkiyada yashovchi va faoliyat yuritayotgan vatandoshlar ko‘magida to‘langan.
Bosh konsulxona hamda Migrasiya agentligi xodimlari fuqaroning holatini nazoratga olib, uning O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida A.S. yurtga jo‘natildi.
Diplomatik vakolatxona, o‘z navbatida, ushbu vaziyatda yordam ko‘rsatgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.