Bugun 3 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Isroilda "majburiy harbiy xizmat" inqirozi: bosh ravvin mamlakatni tark etish bilan tahdid qildi

A A A
Isroilda "majburiy harbiy xizmat" inqirozi: bosh ravvin mamlakatni tark etish bilan tahdid qildi

Isroilda Sefardlar bosh ravvini Izhak Yosef ultra-ortodoks yahudiylar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilsa, mamlakatni tark etish bilan tahdid qildi.

Yosefning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohildagi noqonuniy ko‘chmanchilarning ko‘pchiligini tashkil etuvchi Haredi aholisi harbiy xizmatga chaqirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumatga bosim o‘tkazishga urinishi siyosiy doiralarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Inqirozning sababi nimada?

Isroil Oliy sudi 2017 yilda Haredi Yeshiva diniy talabalarining majburiy harbiy xizmatdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qonunni kamsitish alomatlari borligini sabab sifatida keltirib, bekor qildi. Sud qarorida hukumatdan ko‘proq ultra-ortodoks yahudiylarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun yangi qonun qabul qilish so‘ralgan. Bu talab hukumatlarning ovozlarni yo‘qotishdan xavotirlari tufayli yillar davomida qoldirib kelinayotgan edi.

Ushbu toifadagi fuqarolar harbiy xizmatdan ozod qilinishining oxirgi muddati 24 martda tugaydi.

Isroilning Kanal 12 xususiy telekanaliga bergan intervyusida Yosef agar dindor isroilliklar harbiy xizmatga majburlansa, ularning barchasi xorijga chiqib ketishlarini aytdi. Yosef isroillik dindorlarga ishora qilib, "Agar bizni armiyaga majburlashsa, hammamiz mamlakatdan chiqib ketamiz. Bilet sotib olib, ketamiz", dedi.

Uning fikricha, dunyoviylar davlatni xavf ostiga qo‘yadi. “Tavrotsiz, diniy maktablarsiz armiya muvaffaqiyatga erisha olmasdi va Isroil armiyasi Tavrotga ishongan dindorlar tufayli muvaffaqiyat qozonmoqda”, - deya da’vo qildi u.

Yair Lapid: Maoshini davlatdan oladi

Muxolifat yetakchisi, Isroilning sobiq bosh vazirlaridan biri Yair Lapid bosh ravvinning so‘zlariga munosabat bildirar ekan, "Ravvin Yosefning so‘zlari uyat va vatan uchun jonini fido qilgan isroillik askarlarga nisbatan haqoratdir. Rabbin Yosef davlat ishchisi, maoshini davlatdan oladi, davlatga tahdid qila olmaydi. Armiyadan kim qochsa qochsin, Isroil davlatidan bir tiyin ham ololmaydi”, - dedi.

Sobiq tashqi ishlar vaziri, “Bizning uyimiz Isroil” partiyasi rahbari Avigdor Liberman ham Yosefni mamlakat xavfsizligiga zarar yetkazganlikda aybladi.

Isroil aholisining 13 foizini tashkil etuvchi va 2035 yilga borib 19 foizga yetishi kutilayotgan ultra-ortodoks yahudiylar uch yillik majburiy harbiy xizmat o‘rniga diniy maktablarda o‘qish huquqiga ega. Ayrimlar diniy turmush tarzi harbiy talablarga zid keladi, desa, boshqalar mafkuraviy jihatdan dunyoviy davlatga qarshi. O‘tgan hafta ultra-ortodoks yahudiylar “O‘lamiz, lekin harbiy xizmatga bormaymiz” kabi shiorlar bilan Tel-Aviv yaqinidagi avtomagistralni to‘sib qo‘ygan edi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘tgan hafta qilgan bayonotida, ultra-ortodoks yahudiylarni armiyaga jalb etishni maqsad qilganini aytdi.

Kiritildi: 07:01 13.03.2024. O'qildi: 1924 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!