Isroilning shimolidagi Mazraa aholi punktida yashovchi, Eron maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanayotgan shaxs ushlandi.
Bu haqda Isroil polisiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
«Isroil polisiyasi va SHABAKning Eronning terrorchilik va josuslik faoliyatiga qarshi kurashi doirasida Isroil fuqarosi Visam G‘olib Saloh Avvad xorijiy agent bilan aloqada bo‘lish hamda davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi faoliyat bilan shug‘ullanishda gumonlanib qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.
Isroil polisiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi strategik ob’ektlar, harbiy bazalar va polisiya bo‘linmalarini suratga olgan, shuningdek, ushbu ob’ektlarning foto va videomateriallari hamda koordinatalarini o‘zining kuratorlariga yuborgan. Uning uyida o‘tkazilgan tintuv davomida mobil telefonlar va kompyuterlar musodara qilingan.
Tergov organlari aniqlashicha, erkak ijtimoiy tarmoqlar orqali Eron tuzilmalari vakillari bilan mustaqil ravishda bog‘langan va ularga o‘z xizmatlarini taklif qilgan. Ta’kidlanishicha, u mafkuraviy sabablarga ko‘ra, qasos olish istagida harakat qilgan va moliyaviy mukofot olishni ko‘zlamagan. Shuningdek, gumonlanuvchi «Hizbulloh» kabi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Tergov yakunlanib, dalillar to‘planganidan so‘ng, Hayfa okrugi prokuraturasi unga nisbatan ayblov e’lon qilish va sud jarayoni yakuniga qadar qamoqda saqlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritishni rejalashtirmoqda.