Isroil va Irlandiya terma jamoalari Millatlar ligasidagi ikki o‘yindan keyin futbolka almashmaslikka qaror qildi.
Irlandiya futbol assosiasiyasi 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan javob uchrashuvi oldidan rejalashtirilgan barcha mediatadbirlarni bekor qiladi.
Mahalliy RTE telekanali ham faqat o‘yinning o‘zini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etadi. Uchrashuv oldidan studiya, ekspertlar tahlili va boshqa qo‘shimcha dasturlar bo‘lmaydi.
The Independent ma’lumotiga ko‘ra, Irlandiya bosh murabbiyi Xeymir Xadlgrimsson va Isroil ustozi Ben Shimon ham o‘yin oldidan an’anaviy qo‘l berib ko‘rishmaydi.
Ikki federasiya o‘rtasidagi ziddiyat Xadlgrimssonning Falastindagi voqealar haqidagi bayonotidan keyin kuchaygan. U Isroilga qarshi uchrashuvda Irlandiya «genosidga qarshi o‘ynaydi», degan fikrni bildirgan. Ben Shimon esa bunga javoban uni «aqlsiz inson» deb atagan.
Natijada har ikki uchrashuv neytral maydonda o‘tkaziladi.
27 sentyabr kuni jamoalar Vengriyaning Debresen shahrida, 4 oktyabr kuni esa Bachka-Topolada o‘zaro bahs olib boradi.
Irlandiya UYEFAdan jamoalarni bir-biriga qarshi qo‘ymaslikni so‘ragan, ammo bu talab rad etilgan.