Isroilning «Mossad» razvedka xizmati Eron tomonidan AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyatining yuqori martabali vakillariga nisbatan ehtimoliy suiqasdlar tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumotlarni Markaziy razvedka boshqarmasiga (SRU) taqdim etdi.
Bu haqda Isroil va AQShning yuqori martabali manbalari ma’lum qilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, axborotni tekshirish AQSh tomonining so‘rovi asosida amalga oshirilgan. Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlarini yana bir G‘arb razvedka xizmati ham tasdiqlagani aytilmoqda. Shuningdek, «Mossad» rahbari Roman Gofman Vashingtonga tashrifi doirasida SRU direktori Jon Retkliff bilan shaxsan uchrashgan.
Taqdim etilgan razvedka ma’lumotlarida portlovchi moddalar bilan jihozlangan dronlar orqali hujum uyushtirish xavfi haqida so‘z boradi. Bunday hujumlarga qarshi shaxsiy qo‘riqlashning standart protokollari samarasiz bo‘lishi mumkin.
Olingan ogohlantirishlar ortidan Vashingtonda shoshilinch xavfsizlik choralari ko‘rilgan: Donald Trampning ochiq maydonlardagi chiqishlari cheklangan, AQSh prezidenti ishtirokidagi tadbirlarda esa dronlarni aniqlash va ularni ishdan chiqarishga mo‘ljallangan maxsus majmualar joylashtirilgan.
Bundan tashqari, xavf ostida bo‘lgan bir qator yuqori martabali amaldorlar xususiy qarorgohlaridan qo‘riqlanadigan harbiy ob’ektlarga ko‘chirilgan. Kuchaytirilgan himoya ostiga olingan shaxslar qatorida moliya vaziri Skott Bessent, Davlat kotibi Marko Rubio va Pentagon rahbari Pit Xegset ham borligi aytilmoqda.
Israel Hayom manbalari ta’kidlashicha, aynan shu ma’lumotlar Oq uyning Tehronga nisbatan pozisiyasini qat’iylashtirishi va diplomatik muloqotdan voz kechishiga turtki bergan hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgan.
Avvalroq Trampning o‘zi muzokaralarga ehtiyoj qolmaganini bildirgan edi: «Bizga Eron bilan kelishuv kerak emas. Bu davrlar allaqachon o‘tib ketgan».
Isroil razvedka xizmatlari Eron tomonidan Donald Trampga nisbatan tayyorlanayotgan suiqasd haqidagi maxfiy ma’lumotlarni AQShga topshirgani to‘g‘risidagi xabarlar iyun oyida ham tarqalgan edi. O‘shanda bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bergan.
Donald Trampning o‘zi ham NATO sammiti doirasidagi tadbirlardan birida xavf mavjudligini bilvosita tasdiqlagan edi.