Isroil Suriyadagi ayirmachi kuchlar orqali mamlakatni bo‘lib tashlashga urinmoqda. Bu haqda Suriya axborot vaziri Hamza al-Mustafo Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Ayni paytda Suriya janubidagi Suvayda viloyatida ayirmachilik kayfiyatidagi darziy qabilalarining isyoni davom etmoqda. Xususan, Hikmat al-Hajriy boshchiligidagi darziy jamoasi Isroil dastagi bilan hududni Damashq hukumatidan mustaqil qilishga urinmoqda. Hatto Suvaydani Isroil tarkibiga qo‘shish borasida chaqiriqlar ham yangramoqda.
“Isroil Suriyaning yaxlit va barqaror bo‘lishini istamayotir. U mamlakatimizni parokanda va beqaror qilishga qaratilgan siyosatni davom ettirmoqda. Afsuski, tor siyosiy manfaatlarni ko‘zlayotgan ayrim ichki kuchlar ham Isroil siyosatiga ko‘mak bermoqda”, – deydi Suriya axborot vaziri.
“Hajriy” kabi guruhlarning ayirmachilik harakatlarini tanqid qilgan Hamza al-Mustafo Suriya hukumati guruhlar emas, balki umummilliy manfaatlarni ko‘zlab harakat qilayotganini urg‘ulagan.
Suriya axborot vaziri fikricha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qaltis siyosati bilan butun mintaqani xavf ostida qoldirmoqda. Damashq hukumati vakili Tel-Aviv ma’muriyatining Suriyadagi darziylardan mamlakatni parchalash maqsadida foydalanayotganini ham qoralagan.
Ta’kidlanishicha, suriyalik darziylarning katta qismi Damashq hukumatini yoqlaydi va Isroilni bosqinchi deb biladi.
Axborot vaziri Hamza al-Mustafo Suvayda viloyatini Suriyadan ajratish ham tarixiy, ham ijtimoiy jihatdan imkonsiz ekanini urg‘ulagan.
Xabaringiz bor, joriy yil iyul oyida Suvayda viloyatida darziy qurolli guruhlari va hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan badaviy urug‘lari o‘rtasida to‘qnashuvlar qayta boshlandi.
15-16 iyul kunlari Isroil armiyasi “darziylarni himoya qilish” da’vosi bilan Suriya hududiga – harbiy texnikalarga, Suriya mudofaa vazirligi binosiga va mamlakat prezidenti saroyi yonida joylashgan harbiy ob’ektga zarba berdi.
Isroilning xalqaro huquqqa zid ravishda bergan zarbalari yuzasidan hatto yaqin ittifoqchisi AQSh ham tashvish bildirdi.
Bu orada Oq uyning aralashuvi bilan Suriya va Isroil o‘zaro sulhga erishgani e’lon qilindi.
Ammo Suvayda viloyatida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Isroil ham Suriya hududiga yangi zarbalarni istisno etmagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Livan, Falastin, Yaman va Eronga qarshi harbiy harakatlar olib borgan Isroil hukumati Suriyaga nisbatan ham agressiv siyosat yuritmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi rahbariga aylandi.
Damashqda hokimiyat alishgach, Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi. Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974 yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozisiyalarni egallashni buyurdi.
Isroil so‘nggi oylarda Suriya bo‘ylab o‘nlab aviazarbalar berdi.
Siyosatshunoslar Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.
Yaqinda esa Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Chikli Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’ani o‘ldirishga chaqirgandi.
Suriya tomoni Isroil armiyasining aviazarba va hujumlariga javob qaytarmayotir.
Kuni kecha Moskvada Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Damashq Tel-Aviv bilan urushga kirish va Isroilga hujum qilish niyatidan yiroq ekanini ta’kidlagan.