Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatning yuqori martabali a’zolari bilan «ixtiyoriy migrasiya» shiori ostida falastinliklarni G‘azo sektoridan boshqa mamlakatlarga chiqarish rejasini muhokama qildi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, yig‘ilishda kelgusi oy boshidan falastinliklarning G‘azodan chiqib ketishiga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Xavfsizlik xizmatlari havo va quruqlik yo‘llari orqali «ixtiyoriy migrasiya» bahonasida falastinliklarni chiqarish rejasini taqdim etgan. Shu bilan birga, Isroil ayrim Afrika davlatlari bilan muzokaralar olib borgani, ammo hozircha kelishuvga erishilmagani ma’lum qilindi.
Isroil bosh vaziri matbuot xizmati esa bu xabar yuzasidan izoh bermadi.
Tel-Aviv hukumati 2023 yil 7 oktyabrdan beri hujum va ochlikdan aziyat chekayotgan 2,3 million aholini «ixtiyoriy migrasiya» niqobi ostida deportasiya qilishni rejalashtirayotgani ta’kidlanmoqda.
Netanyahu shu oyda bergan intervyusida: «G‘azoni tark etish har bir falastinlikning asosiy huquqidir. Men Rafah chegarasini ochishim mumkin, ammo Misr uni darhol yopadi», degan.
U, shuningdek, Misrning falastinliklarni majburan chiqarishga qarshi ekanini ta’kidlab, «G‘azoni qayta qurish rejalari bor, ammo aholining yarmi uni tark etishni xohlamoqda. Bu ommaviy deportasiya emas», deya qo‘shimcha qilgan.