Isroil mudofaa armiyasi (IDF) G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri taxminan 71 ming falastinlik halok bo‘lganini ilk bor rasman tan oldi. Bu haqda Haaretz nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil harbiylari keltirilgan raqamlar G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan baholarga mos kelishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Isroil armiyasi ushbu ko‘rsatkichlar vayronalar ostida qolganlar va bedarak yo‘qolgan shaxslarni o‘z ichiga olmasligini ta’kidlagan.
Mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar esa real qurbonlar soni rasmiy raqamlardan yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Chunki urush davomida ko‘plab binolar butunlay vayron bo‘lgan, aloqa tizimlari ishdan chiqqan va qutqaruv ishlari cheklangan holda olib borilmoqda.
G‘azodagi gumanitar vaziyat og‘irligicha qolmoqda: tibbiy muassasalar resurslar tanqisligiga duch kelgan, aholining katta qismi boshpanasiz qolgan. Xalqaro jamoatchilik tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish va tinch aholini himoya qilish chaqiriqlari davom etmoqda.